Gulbadanbegim ilm cho‘qqilarini egallagan, savodi mukammal, yuksak madaniyat sohibasi edi. Uning nozik didi, sinchkovligi, oila a’zolariga o‘ta mehribon va mushfiqligi kishi diqqatini tortadi. U o‘z davrida moziyning haqiqiy bilimdoni, zukko tarixnavis sifatida keng shuhrat qozondi.
Uning qalamiga mansub «Humoyunnoma» asari XVI asrda Hindistonda Boburning nabirasi Akbarshohning topshirig‘i bilan yaratilgan. Ushbu kitobni forschadan o‘zbek tiliga o‘girgan akademik Sabohat Azimjonovaning yozishicha, «Akbarshoh o‘z davri tarixini abadiylashtirish maqsadida zamonasining barcha olimlariga, qarindosh-urug‘lari va amirlarga murojaat qilib, «Bobur podshoh va Humoyun podshoh davri haqida «nimaiki bilsangiz yozingiz», deb buyurgan... Dastlab Gulbadanbegim o‘z asarini «Ahvoli Humoyun podshoh» deb atagan, lekin keyinchalik u «Humoyunnoma» nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.
«Humoyunnoma»ni mutolaa qilar ekanmiz, o‘sha davrning tahlikali, suronli toj-taxt talashuvlari, Amir Temur saltanatiga ko‘z tikkan hukmdorlar, Shayboniyxon, Ubaydulloxon... Shoh Ismoillarning betinim urush olib borishlari keyingi avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro ichki nizolar Gulbadanbegimga mazkur asarni mufassalroq yozish imkonini bermaganligiga achinib ketasan kishi. Uning hozircha yagona nusxasi mavjud bo‘lib, Angliyaning Britaniya muzeyi qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.
— Gulbadanbegim o‘z izlanishlarida «Boburnoma»da tasvirlangan voqea-hodisalarga yana qaytib, ularning ko‘pchiligini manbalarga tayangan holda to‘ldirgan, aniqlik kiritgan. Bizga ma’lumki, Bobur qalbida bir umr armon bo‘lib qolgan Xonzodabegim taqdiri bilan bog‘liq voqealarga Gulbadanbegim boshqacha yondashadi: «Bobom hazratlari o‘n ikki yoshda, ikkinchi marta o‘n to‘qqiz yoshda va uchinchi marta esa yigirma yoshda edilar. Olti oy davomida Samarqandni olmoqqa urindilar, lekin maqsadlariga yeta olmadilar. (Chunki) Xurosondagi amakilari Sulton Husayn Mirzo Boyqaro kabi Qoshg‘arda bo‘lgan tog‘alari Sulton Mahmudxon ham yordam yubormadilar. Hech joydan madad va yordam kelmagach, ma’yus bo‘ldilar. Ana shunday vaqtda Shohbekxon (Shayboniyxon) «agar o‘z singlingiz Xonzodabegimni menga bersangiz, oramizda sulh tuziladi va ittifoqchilik aloqalari o‘rnatiladi, deb ayttirib yuboradi. Oxir Xonzodabegimni o‘sha xonga berib, o‘zlarining qaytishlari zarur bo‘ldi».
Gulbadanbegim «Humoyunnoma» asarida «Boburnoma»ning uslubi, bayon tarzi va tarixiy voqea-hodisalarga Bobur andozasi bilan yondashishga harakat qilgan, dedik. Albatta, unga otasi Boburdek jangu jadallarda bevosita ishtirok etish, turli yuqori davralardagi siyosiy muzokaralarga qatnashish va keng qamrovli ma’lumot oluvchi muhitda bo‘lish imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun u o‘z asarida «Boburnoma»da keltirilgan ma’lumotlarga suyanadi, uning mazmunini yuqorida ko‘rganimizdek o‘z tasavvuri doirasida to‘ldiradi, shaxsiy mulohazalarini bildiradi.
«Boburnoma»da biz uning muallifi xotin-qizlarga yuksak munosabatda bo‘lganligiga duch kelamiz. Temuriy shahzodalar ichida Boburchalik ayollarga hurmatda bo‘lgan, ularning fikr-mulohazasi bilan imkon qadar hisoblashgan, jabrdiydalarni o‘z panohiga olgan va ehtirom etgan shaxs bo‘lmasa kerak. Bu borada Gulbadanbegimning «Humoyunnoma»sida keltirilgan misol qalbimizni larzaga soladi. O‘z jufti haloliga yuksak sadoqat bilan muomalada bo‘lgan shoh Boburning qalb go‘zalligi, uning jangu jadallardan toliqqan vujudining o‘z yoriga intiqligi va sof insoniy munosabati o‘z aksini topgan. Boshqa tomondan, bu tasvirda Gulbadanbegimning o‘z otasiga bo‘lgan farzandlik mehri ham mahorat bilan berilganki, kishi diqqatini tortadi: «Biz ko‘ldan Agra tomonga tez yo‘l oldik, podshoh hazratlari bizni Jaloliy ko‘lida uchratishni mo‘ljallagan edilar. Namozshom paytida bir kishi kelib, «hazratni ikki kurva narida qoldirib keldim», dedi. Podshoh bobom hazratlari to ot keltirgunlarigacha toqat qilmay, piyoda yo‘lga tushib, Nincha Mohim uylari oldida biz bilan uchrashdilar. Onam otdan tushmoqchi bo‘ldilar, lekin podshoh Bobom qo‘ymasdan, o‘zlari onamning otlarining jilovlaridan ushlab, o‘z uylariga yetkuncha piyoda keldilar...»
Shu o‘rinda «Humoyunnoma»da bir imorat — qasrga oid keltirilgan tasvirni ko‘raylik. Agar Bobur o‘z asarida bog‘ning arxitekturasi, bezalishiga ko‘proq e’tibor bergan bo‘lsa, Gulbadanbegim diqqatini undagi uy bezaklari ko‘proq o‘ziga tortgan: «Tilsim (to‘yxona vazifasida qurilgan imorat) uchun solingan qasrning joylanishi bunday edi: sakkiz burchakli eng katta uy bo‘lib, bu xonada to‘y beriladi. Boshqa kichik xona ham xuddi shunga o‘xshash sakkiz (burchakli) bo‘lib, har ikkala sakkiz (burchak) turli bezaklar bilan bezatilgan edi. Katta uy to‘yxona bo‘lib, unga oltindan taxt qo‘yilgan edi. Bu taxtning usti va tagiga zar tikilgan zardevorlar tashlangan... Taxtining bag‘riga osilgan zardevorning uzunligi o‘ttiz-qirq gazga yaqin bo‘lib, unga ham marvarid shodalari osilgan»...
«Humoyunnoma»ning yana bir qimmatli tomoni shundaki, asarda o‘sha davr ayollarining qismati, ularning turmush tarzi, Hindistonda yashagan temuriy malikalarning biz bilgan va bilmagan kechmishlari barcha nozikliklari bilan aks ettirilgan. Kitobxon bu asardan Sharq etnografiyasi, urf-odati, ayollar kiyimlari, ularning sifati va andozasi, saroydagi to‘y-tamoshalarning ikir-chikirigacha ma’lumot oladi. Fikrimiz tasdig‘i uchun Mirzo Hindol to‘yi tasvirini ko‘raylik. «To‘yni nihoyat to‘kis va yaxshi o‘tkazdilar. Palos va to‘shak, beshta ko‘rpa, yostiq, bitta katta suyanchiq yostiq, ikkita kichik lo‘la-bolish-yostiq, yana yuz parda go‘shangisi bilan, hammasi zar bilan tikilgan uchta to‘shak. Mirzoning sarpolari esa, oltin iplar bilan tikilgan toj va charqob po‘ta, sochiq va oltin iplar bilan tikilgan ro‘mol va qurpo‘sh kabi sarpolar berilgan. Sulton begimga to‘qqizta tugmasi har xil qimmatbaho toshlardan bo‘lgan nimcha berdilar. Ularning birining tugmasi yoqut, brilliantdan, biri zumraddan, biri feruzdan, biri aynul xirradan bo‘lib, boshqalari har xil javohirlardan edi. Yana tugmali va charqub charqitichi, bir juft la’l ko‘zli halqa, uchta panda, yana ikki arqoq, bir urushli shoyi chodir, boshqa asbob va uskunalar va Xonzodabegim yig‘ib qo‘ygan kerakli ro‘zg‘or asboblarining hammasini berdilar...»
Bobur farzandlarining taqdiri va ularning muhorabalari haqida o‘sha davr va keyingi tarixchilar tomonidan anchagina ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan. Biroq ular orasida Gulbadanbegim qoldirgan manba eng asl va mo‘’tabar ganjinalar qatoriga kiradi. Chunki, u bu xonadonning bevosita a’zosigina emas, balki shu voqealarning ishtirokchisi, shohid kuzatuvchisi sifatida «Humoyunnoma»da so‘z yuritadi. Mana bu satrlarga e’tibor bering. Unda Gulbadanbegim sanab o‘tgan shaxslarning kim kim bilan qaysi manzilga borgani, qaysi tomonga yo‘l olganligi, Mirzo Komronning mag‘lublik kayfiyati va boshqa ma’lumotlarni aniq-tayin keltiradiki, uni biron-bir tarixiy asarda uchratmaymiz. Bu manbalar temuriylar xonadonining mungli lahzasi, yuz bergan murosasizliklarining qora ko‘lankasi: «...Qorong‘u tushgan edi. O‘sha Bobo dashti yo‘li bilan kelib, bir ko‘lning oldida to‘xtadi va Do‘st ko‘ka va Jo‘kixonni, Mirzoning katta qizi — Habiba begimni, Mirzo Komronning o‘g‘li — Ibrohim Sultonni, Xizirxonning jiyani — Xazora begimni, Xurrambekning singlisi — Mohi begimni, Xo‘ja begim onasi — Mehr Afro‘zbekni va Bog‘i ko‘kalarni olib kelish uchun yubordi. Ular kelib Mirzoga qo‘shilgach, Mirzo Taxtap va Bakhar tomonga qarab ketdi...»
«Humoyunnoma» va uning muallifi — betakror Gulbadanbegim taqdiri hali to‘laligicha o‘rganilgan emas. Bu kitob temuriylar xonadoniga mansub tarixchi ayol asari bo‘lganligi uchun emas, balki XVI asr tarixi, madaniyati, arxeologiyasi, etnografiya va adabiyoti, turli xalqlar urf-odati haqida o‘ta qimmatli ma’lumot beruvchi nodir noma sifatida ham qadrli.